Noqonuniy dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan DXX, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda Nukus shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan shaxs chet davlatda ishlab chiqarilgan dori vositalarini noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, o‘tkazilgan tekshiruvlar jarayonida savdo do‘konida kelgusida realizatsiya qilish maqsadida saqlanayotgan 146 turdagi 15 ming donadan ortiq dori vositalari mavjudligi aniqlandi.
Tezkor tadbir Qo‘ng‘irot tumanida ham davom ettirilib, hech qanday hujjatlarga ega bo‘lmagan hamda sifati kafolatlanmagan 680 quti dori vositalari noqonuniy ravishda saqlanayotgan yana bir yashirin ombor fosh etildi.
Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur dori vositalarining dastlabki umumiy qiymati 219 million so‘mni tashkil etadi.
Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.