Sirdaryo viloyatida joylashgan bankomatlardan birini ochishga uringan shaxs voqea joyida qo‘lga olindi.
Joriy yilning 22 yanvar kuni soat 20:24da Mirzaobod tumanida joylashgan "ATB Agrobank"ga qarashli 24/7 bankomatdan Sirdaryo viloyati monitoring markaziga “tashvish” xabari kelib tushgan.
Kelib tushgan xabarga ko‘ra, biriktirilgan hududga tezkor guruh yetib borgan va bankomatning eshigini ochishga urinayotgan nomaʼlum shaxs voqea joyida qo‘lga olingan.
Dastlabki surishtiruv ishlari natijasida ushbu huquqbuzar andijonlik 23 yoshli fuqaro H.M ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha surishtiruv ishlari viloyat IIB xodimlari tomonidan olib borilmoqda.