Sirdaryo viloyatida joylashgan Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida Milliy gvardiya bo‘linmalarida muddatli harbiy xizmatni o‘tab keyingi xizmat faoliyatini davom ettirish uchun qolgan shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilarning «Milliy gvardiyaga qasamyod» qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimi o‘tkazildi.
Unda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Oliy Majlis Senati a’zolari, Sirdaryo viloyati xokimligi, Harbiy prokuratura, viloyat Nuroniylar kengashi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi mas’ul rahbarlari hamda faxriy mehmonlar va ota-onalar, yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida o‘quv yig‘ini faoliyatiga bag‘ishlangan video rolik namoyish etildi. Shundan so‘ng harbiy orkestr sadolari ostida shaxsiy tarkib belgilangan joylarga saflandi. Mehmonlar qasamyod qabul qilish jarayonida ishtirok etishib, belgilangan namunadagi sertifikatlarni 250 nafar tinglovchilarga topshirishdi.
Tadbir davomida Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S.Mamayusupov O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-polkovnik B.Tashmatovning tinglovchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi hamda barcha shaxsiy tarkibni birinchi marotaba Milliy gvardiya qo‘mondoni tashabbuslari bilan 45 kunlik o‘quvlarda ishtirok etib, harbiy kasbning sir asrorlarini, ruhiy barqarorlik, jangovar va maxsus tayyorgarlikni, zamonaviy jang san’atini o‘rganganligi bilan tabrikladi.
Shu bilan birga mehmonlar va ota-onalar ham so‘zga chiqishib, kelgusi xizmat faoliyatida sadoqat bilan xizmat qilishlariga tilakdosh ekanliklarini bildirib o‘tishdi.
Tadbir davomida o‘quv yig‘inada o‘zining namunali harbiy intizomi va a’lo baholarga o‘qigan bir guruh tinglovchilarga Milliy gvardiya Qo‘mondoni o‘rinbosari tomonidan tashakkurnomalar taqdim etildi.
Milliy gvardiya namunali harbiy orkestrining badiiy chiqishlari, tinglovchilarning qo‘l jangi ko‘rgazmali usullari, Milliy gvardiya ashula va raqs ansambli xonandalarining vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari barchaga birdek hush kayfiyat ulashdi.
Tadbir so‘ngidagi 5 ta o‘quv nuqtasida tashkil etilgan tinglovchilar tomonidan ko‘rgazmali mashg‘ulotlar namoyish etilgani tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Dronlar parvozi va o‘quv markazda o‘qitiladigan fanlardan amaliy mashg‘ulotlar ayniqsa bolajonlarda katta qiziqish uyg‘otib, xotiralarida muhrlandi.