Sud-huquq sohasidagi o‘zgartirishlarni soha vakillariga tushuntirish maqsadida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida keyingi yillarda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga doir keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 27 sentyabrdagi “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun mazmun mohiyatini ijrochilarga yetkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida kuch tuzilmalari, jumladan, harbiy sudlar, harbiy prokuratura xodimlari, harbiy qismlar surishtiruvchilari,advokatlar va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish natijalariga ko‘ra sud ishlarini yuritish jarayoniga yangi institutlar joriy etildi, fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash maqsadida yarashuv, dastlabki eshituv, mediatsiya, shuningdek sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi.
Ushbu Qonun sudyalarning masʼuliyatini oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga va noroziliklarning oldini olishga, shuningdek ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikga xizmat qiladi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.