VATAN UCHUN KO‘KSIM QON, QALQONDIR SHANIM
Yurtimizda bayramlar ko‘p. Ular orasida 9 may – Xotira va qadrlash kuni o‘zgacha shukuh va ahamiyatga ega. Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan front orti faxriylari holidan xabar olish va ularni yod etish barcha uchun anʼana bo‘lib qolgan. Xususan, kuni kecha Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari Ochilbobo Rajabov xolidan xabar oldilar.
Ikkinchi jahon urushida xizmatdoshlar bilan o‘tgan azobli va iztirobli kunlarni eslash, jang maydoni va uning sovuq nafasi va nihoyat katta mashaqqatlar evaziga erishilgan buyuk g‘alaba shukuhini yodga olish har bir urush qahramonini yana bir bor to‘lqinlantirib yuboradi. Harbiylar sal kam yuz yoshni qoralab qo‘ygan Ochilbobo bilan bo‘lgan samimiy suhbat davomida ana shu kabi his tuyg‘ular guvohiga aylandilar. Yurt tinchligi, musaffo osmondan nafas olishdek, buyuk neʼmatlarni qadriga yetish o‘z vaqtida juda muhim ekanligi ota tomonidan alohida taʼkidlandi.