“Xorazm” sport majmuasida boʻlib oʻtgan futbol uchrashuvi mobaynida sodir boʻlgan holat yuzasidan rasmiy munosabat
2026-yil 6-mart kuni Xorazm viloyati Urganch shahrida joylashgan “Xorazm” sport majmuasida futbol boʻyicha Oʻzbekiston Superliga chempionati doirasida “Xorazm” va “OKMK” jamoalari oʻrtasida 2-tur uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ushbu ommaviy sport tadbiri davomida jamoat tartibini saqlash, tomoshabinlar xavfsizligini taʼminlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Milliy gvardiya Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari xizmatga jalb etildi.
Uchrashuv jarayonida bloger tomonidan stadionda tomoshabinlar uchun ajratilgan belgilangan sektorni tark etib, nazorat qilinmaydigan hududga chiqib ketilgan. Ushbu holat jamoat tartibi va xavfsizlik qoidalarining buzilishi sifatida baholanib, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi tomonidan blogerga belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish zarurligi yuzasidan ogohlantirish berilgan.
Shu bilan birga, bloger mazkur vaziyatda harbiy xizmatchini uning roziligisiz videotasvirga olgan. Mazkur holat yuzasidan harbiy xizmatchi tomonidan blogerga amaldagi qonunchilik normalari asosida batafsil tushuntirish berilgan, jumladan, shaxsning tasvirini (foto va video) uning roziligisiz yozish va tarqatish mumkin emasligi, ayniqsa xizmat vazifasini bajarayotgan harbiy xizmatchilarga nisbatan bu kabi harakatlar maʼlum cheklovlarga ega ekanligi taʼkidlangan.
Keyinchalik ushbu jarayon ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan va turli muhokamalarga sabab boʻlgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligi kafolatlangan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonunda har bir shaxsning tasviri (foto va video) uning roziligisiz tarqatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan. Shuningdek, xizmat vazifasini bajarayotgan harbiy xizmatchilarning faoliyatini tasvirga olish ayrim hollarda xizmat xavfsizligi, jamoat tartibi va maxsus rejim talablari bilan cheklanishi mumkin.
Shu sababli, harbiy xizmatchi tomonidan blogerga berilgan ogohlantirish amaldagi qonunchilik va xizmat intizomi talablariga muvofiq hisoblanadi.
Fuqarolardan ommaviy tadbirlarda ishtirok etish davomida jamoat tartibi qoidalariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qonuniy talablariga rioya qilish, shuningdek, boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini hurmat qilish soʻraladi.