YОSHLAR – O‘ZBEKISTONNING ISHONCHI, TAYANCHI VA QUDRATLI KUCHI
Kuni kecha Surxondaryo viloyati Denov tumanida Milliy gvardiya, Ichki ishlar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda tuman hokimligi hamkorligida “Yoshlar – O‘zbekistonning ishonchi, tayanchi va qudratli kuchi” shiori ostida yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi barcha o‘quvchi-talabalar va uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida dastlab, tumanning Namozgoh mahallasida yoshlar marafoniga start berildi. Unda o‘g‘il-qizlar o‘zlarining jismonan chiniqqan va ruhan tetik ekanligini ko‘rsatib, belgilangan 4 kilometr masofada yugurib o‘tishdi.
Marafonda ustunlikni qo‘lga kiritgan yoshlarga diplom va esdalik sovg‘alar taqdim etildi.
Forum davomida Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida Ichki ishlar Vazirligi, DXX, Milliy gvardiya rahbariyati va viloyat hokimligi mutasaddilari ishtirokida uyushmagan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida so‘z yuritildi.
Ochiq muloqot davomida, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollari va mavjud muammolari bilan masʼullarga murojaat etdilar. Ko‘tarilgan barcha masala va takliflar yuzasidan batafsil javob va huquqiy tushunchalar berildi.
Forum davomida tumandagi "Eko bog‘"da besh muhim tashabbus doirasida ko‘rgazmalar, yangi loyihalar va yoshlar mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Tumandagi bir guruh faol yoshlar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘lgan uyushmagan yoshlarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shundan so‘ng, madaniy-maʼrifiy tadbir konsert dasturiga ulanib, yoshlar va sanʼat ustalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq va raqslar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda yoshlarning masʼuliyatini oshirish, ularni turli yot g‘oyalar taʼsiridan asrashda joylarda bu kabi forumlarni o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi.