1-oktabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Milliy gvardiya tizimidagi o‘qituvchi va murabbiylar uchun bayramona tadbir tashkillashtirildi
Inson hayoti va taqdiri, jamiyat va davlat taraqqiyoti, mamlakat qudrati va millat kelajagining poydevori — shubhasiz, ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Bu borada esa ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyos. Shu boisdan ham har yili 1 oktabr — «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan Milliy gvardiya tizimida fidoyi va halol mehnat qilib kelayotgan ustozlar alohida e’tibor va ehtirom bilan e’zozlanadi.
Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti Ma’naviyat-ma’rifat markazida «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev, tizimdagi ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, murabbiylar, faxriylar, kursantlar va o‘quvchi yoshlar ishtirok etishdi.
Tantanali tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor Rustam Djurayev, Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan tabrigiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, barcha ustoz va murabbiylarni bayram bilan samimiy muborakbod etib, ularning millat tarbiyasi, yurt tinchligi va vatanparvar yoshlarni yetishtirishdagi beqiyos xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Shundan so‘ng, Milliy gvardiya qo‘mondonining fidoyi ustoz va murabbiylarni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyrug‘i o‘qib eshittirildi. Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti, “Temurbeklar maktabi” va Harbiy musiqa akademik litseylari, Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi, Toshkent mintaqaviy o‘quv markazi, 22 va 30-sonli Mehribonlik uylari, Qo‘l jangi federatsiyasi, Chavandozlar maktablari, Jasorat maktablari hamda hududiy tuzilmalardan 150 nafar ustoz va murabbiylar shuningdek, Oilaviy uylar rahbarlari Milliy gvardiyaning III darajali “Namunali xizmatlari uchun”, “Milliy gvardiya fidoiy xodimi”, “Ma’naviyat a’lochisi” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari va qo‘mondonlik tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.
O‘z o‘rnida ustoz va murabbiylar samimiy tilak va minnatdorlik so‘zlarini izhor etar ekanlar, berilgan mukofot ular uchun faqat iftixor emas, balki kelgusida yanada yuksak sadoqat bilan xizmat qilish, vatanparvar, ma’rifatparvar va ma’naviyatli yosh avlodni tarbiyalash yo‘lida tinimsiz mehnat qilishga ilhom manbai sifatida qabul qilganliklarini ta’kidlab o‘tdilar.
Tadbirning badiiy qismida el suygan Xalq artistlari va xonandalar, Milliy gvardiya Ashula va raqs ansambli jamoasining kuy-qo‘shiqlari, jozibali raqslari yig‘ilganlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.
Bayramona tadbirga tashrif buyurgan o‘quvchi yoshlar uchun esa Jamoat xavfsizligi universitetining kutubxona va muzeyiga ekskursiya tashkillashtirildi. Zotan, kelgusida universitetning kursant va talabalari bo‘ladigan o‘quvchilar uchun mazkur ekskursiya universitetda yaratilgan sharoitlar bilan tanishish imkoniyatini yaratdi.
Milliy gvardiya tizimida ta’lim-tarbiya sohasida faoliyat yuritayotgan barcha ustoz va murabbiylar doimo e’zozda. Ularga ko‘rsatilayotgan bu kabi e’tibor va rag‘bat — kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodni vatanparvar, bilimli va ma’naviy yetuk shaxs qilib tarbiyalashga qaratilgan amaliy qadamlardan biridir.
Barcha ustoz va murabbiylarga mustahkam sog‘lik va yoshlar manfaati yo‘lidagi ezgu faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar va zafarlar tilaymiz!