Vatanparvar yoshlar musobaqasi oʻtkazildi
Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi, Ichki ishlar vazirligining 2-sonli akademik litseyi va “Olimp-lider” maxsus sinflari oʻquvchilari oʻrtasida harbiy-sport musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Musobaqaning asosiy maqsadi — yoshlarni harbiy sport turlariga qiziqtirish, jismoniy tayyorgarlikni rivojlantirish va xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston sharafini himoya qiladigan iqtidorli harbiy sportchilarni tayyorlashdan iborat. Shuningdek, tadbir orqali yoshlar orasida sogʻlom raqobat muhiti va vatanparvarlik ruhi targʻib qilindi.
Har bir jamoadan 25 nafar ishtirokchi turli harbiy-sport mashqlarida bellashdi. Pnevmatik miltiqdan va kamondan otish boʻyicha qizlar alohida ishtirok etib, aniqlik va diqqatni namoyon qildi.
Harbiylashgan koʻpkurash estafetasi esa nafaqat jismoniy tayyorgarlikni, balki tezkorlik va jamoaviy hamkorlikni ham sinadi. Ishtirokchilar gaz niqobida yugurish, AK-74 avtomatini notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, turnikda tortilish hamda 12 kilogramm yuk bilan yugurish kabi mashqlarni muvaffaqiyatli bajarishdi. Qoʻl jangi namoyishlarida esa ishtirokchilar texnika va jismoniy qudratning uygʻunligini namoyon etishdi.
Umumjamoa hisobida eng yuqori natijaga erishgan va birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan jamoa — Temurbeklar maktabi boʻldi. Musobaqa ishtirokchilariga diplomlar va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Taʼkidlash joizki, musobaqa nafaqat yoshlarni sportga qiziqtirish va jismoniy rivojlantirish, balki ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va kelajakda harbiy xizmatda munosib faoliyat yuritishga ilhom beruvchi muhim tadbir sifatida oʻtdi.