Milliy gvardiya tashabbusi bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida “Yangi zamon dunyoqarashini shakllantirishda gvardiyachilarni menejmentlik mahorati” mavzusida keng qamrovli seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbir zamonaviy boshqaruv tamoyillarini o‘rganish, xodimlarning kasbiy tayyorgarligi va ichki madaniyatini oshirish, shuningdek, jamoa boshqaruvi va samarali muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi. Unda Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda hamkor huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchi va xodimlari ishtirok etdi.
Seminarni xalqaro toifadagi spiker, falsafa fanlari doktori, professor, ijtimoiy psixolog, Toshkent shahar kengashi deputati hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Yoshlar murabbiyi Jamila Shermuhamedova olib bordi. U o‘z ma’ruzalarida globallashuv jarayonida davlat xizmatchilarining zamonaviy fikrlashi, rahbarlik madaniyati, inson omilining ahamiyati hamda muammolarni menejment yondashuvi orqali hal etish bo‘yicha muhim g‘oyalarni ta’kidladi. Shuningdek, ishtirokchilarga stressni boshqarish, jamoada sog‘lom psixologik muhit yaratish, liderlik fazilatlarini rivojlantirish va xizmat jarayonida kommunikatsiya samaradorligini oshirish yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, professional faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar oldilar. Seminar-treningning ahamiyati shundaki, u nafaqat xodimlarning kasbiy salohiyatini mustahkamlaydi, balki ularning ijtimoiy faolligi, ma’naviy dunyoqarashi va jamoaviy ishda mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirdan so‘ng ishtirokchilar uchun Qatag‘on qurbonlari muzeyiga ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya davomida harbiylar muzeyda saqlanayotgan tarixiy hujjatlar, fotosuratlar va arxiv materiallari bilan yaqindan tanishib, o‘tmish saboqlaridan chuqur xulosa chiqardilar. Tadbirning asosiy maqsadi harbiy xizmatchilar qalbida tarixiy xotirani asrash, vatanparvarlik ruhini mustahkamlash va ma’naviy yuksalishni ta’minlashdan iborat bo‘ldi.