O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida "Yoshlar press-klubi" o‘tkazildi.
Joriy yilning 2 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida "Yoshlar press-klubi" o‘tkazildi.
Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S.Mamayusupov va Harbiy kadrlar tayyorlash bo‘limi masʼul ofitserlari, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari - “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi I.Xoldarova hamda yuzga yaqin umumtaʼlim maktabi o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi. Press-klub vakillari so‘nggi yillarda yurtboshimiz tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatiga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada bir qator farmon va qarorlar qabul qilinib, uning ijrosi yuzasidan kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilayotganligini eʼtirof etib o‘tishdi.
Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida Milliy gvardiya tomonidan yoshlarni bir ezgu maqsad yo‘lida birlashtirish g‘oyasi ostida amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘plab imkoniyatlarni o‘z ichiga qamrab olgan yangi dasturlar to‘g‘risida keng va batafsil maʼlumotlar berib o‘tildi.
Shundan so‘ng, press klubning asosiy qismida – yoshlar bilan samimiy va ochiq muloqot o‘tkazilib, unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga to‘liq javob oldi. Shu bilan birga, harbiy sohaga qiziqqan, harbiy libos kiyishni orzu qilgan o‘quvchilar Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti va "Temurbeklar maktabi" harbiy akademik litseyiga o‘qishga kirish tartibi va shart-sharoitlari to‘g‘risida barcha maʼlumotlarga ega bo‘lishdi. Milliy gvardiya tizimida ayol harbiy xizmatchi va xodimalarning xizmat olib borish tartibi va ularga yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida ham tushunchalar berildi.
Tadbir so‘ngida, yoshlar nafaqat harbiy sohaga doir, balki boshqa bir qator turli sohaga oid savollar bilan murojaat etishgani bilan birga, ular tomonidan bildirilgan takliflar ham inobatga olinib, kelgusida bu xususda ham ishlar rejalashtirilishi to‘g‘risida mutasaddi rahbarlarga ko‘rsatmalar berildi.
Yurt kelajagi zukko, vatanparvar, o‘z oldiga yuksak maqsadlarni ko‘zlagan yoshlar qo‘lidadir. O‘tkazilayotgan bunday tadbirlar yoshlarni Vatanga sadoqat, muqaddas diyorga muhabbat tuyg‘ulari ila kamol toptirish, xalq taqdiriga masʼul etib tarbiyalash, dovyurak va mard o‘g‘il-qizlar safi kengayishiga xizmat qiladi desak adashmaymiz.