AHOLI BANDLIGINI TAʼMINLASH YO‘LIDA
Joriy yilning 16 fevral kuni Toshkent viloyati hududida xizmat faoliyatini olib borayotgan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan sayyor qabul tashkillashtirildi. Unda Milliy gvardiya qo‘mondonligi va viloyat boshqarmasi mutasaddi rahbarlari, Chirchiq harbiy prokuraturasi, mahalla va oilani qo‘llab-quvatlash, adliya, bandlik va mehnat munosabatlari, xalq taʼlimi hamda maktabgacha taʼlim boshqarmalari masʼul vakillari ishtirok etdilar.
Mazkur tadbirda 100 dan ortiq harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari ishtirok etib, turmush tarzi bilan bog‘liq qator masalalar joyida yechim topdi. Tashrif buyurganlarning ayrimlari o‘z muammosi bilan emas, aksincha mahalladoshlari va yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan tashabbuskorona takliflarini o‘rtaga tashladilar.
Xususan, o‘z murojaatida kichik tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun bankdan 250mln. kredit olib, o‘z tikuv sexini ochib, ushbu mahallada yashovchi ayollar va yoshlarni ish bilan taʼminlashni maqsad qilganligini bildirgan harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i Nigora Ashurovaga imkon qadar tez muddatda ish boshlashiga sharoit yaratib berilishi mutasaddilar tomonidan nazoratga olindi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida ikki nafar ayollar tekstil korxonasiga doimiy ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, aloqa va maktabgacha taʼlim sohalarida mutaxassislikka ega ayollarning murojaatlari bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Shu bilan birga, bolalarni bog‘chaga joylashtirish, xizmatni doimiy turar joyiga ko‘chirish va turar joy olish bo‘yicha yo‘llangan murojaatlar o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etildi. Bir so‘z bilan aytganda sayyor qabullar shu joyning o‘zida muammolarni atroflicha hal etishga imkon yaratdi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Ashula va raqs ansambli xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi havola etildi.