"Alisher Navoiy va Bobur merosi – beqiyos maʼnaviy xazina" mavzusidagi adabiy-maʼrifiy kecha
Milliy gvardiya maʼnaviyat va maʼrifat markazida g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur bobolarimiz tavalludining 582 va 540 yilligi ayyomlari munosabati bilan "Alisher Navoiy va Bobur merosi – beqiyos maʼnaviy xazina" mavzusidagi adabiy-maʼrifiy kecha o‘tkazildi.
Tadbir avvalida yoshlar ishtirokida rasmlar ko‘rgazmasiga sayohat uyushtirildi va ular o‘rtasida g‘azal, ruboiy aytish bo‘yicha bahru-bayt o‘tkazildi. O‘quvchi va kursantlar o‘zlari yod olgan sherlarini birin-ketin katta ishtiyoq bilan ijro etishdi. Shundan so‘ng, tadbirning asosiy qismiga o‘tildi. Yuqorida keltirib o‘tganimiz rasmlar tanlovi g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. O‘zbekiston davlat drama teatri aktyorlari tomonidan sahnalashtirilgan Alisher Navoiyi hazratlarining “Xamsa” asaridagi "Sabʼai sayyor" dostonidan parcha ham kechaga tashrif buyurganlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tadbir davomida harbiy-musiqa akademik litseyi, Temurbeklar maktabi o‘quvchilari tomonidan g‘azal va ruboiylar aytildi hamda ikki buyuk shoir va mutafakkirlarning asarlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari ijrosidagi Primqul Qodirovning "Yulduzli tunlar" asaridan Bobur hayoti haqidagi teatr tomoshasi ham barchaga birdek manzur bo‘ldi. Albatta, bunday tadbirlardan bilish mumkinki, harbiy xizmatchi hamda xodimlar nafaqat tinchlik va osudalikni taʼminlash borasida faoliyat yuritishmoqda, balki maʼnaviyat ulashishda ham faollik ko‘rsatishmoqda. Kecha so‘ngida Milliy gvardiya Ashula va raqs ansambli xonandalarining Navoiy hamda Bobur bobolarimizning asarlariga bastalangan kuy va qo‘shiqlar havola etildi.