“QALQON” JAMOATCHILIK GURUHI O‘Z FAOLIYATINI BOSHLADI
O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Yoshlar siyosati va sport vazirliklarining qo‘shma qaroriga asosan talabalarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamoat tartibini saqlashga ko‘maklashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, oliy taʼlim muassasalarida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirishga ko‘maklashish maqsadida har bir oliy taʼlim muassasasida “Qalqon” jamoatchilik guruhi tashkil etilmoqda.
Milliy gvardiya Shayxontohur tumani qo‘riqlash bo‘limida tumanda joylashgan oliy taʼlim muassasalari O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi “Botir Zokirov” nomidagi o‘zbek milliy estrada sanʼati instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalaridan tashkil topgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzolariga guvohnomalar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S.Mamayusupov kirish so‘zi bilan ochib berib, jamoatchilik guruhi aʼzolariga boshlayotgan ishlarida sergaklini yo‘qotmaslikni va vazifalariga masʼuliyat bilan yondashish shartligini taʼkidladi. Shuningdek tadbirda masʼul vazirlik va Oliy taʼlim muassasalari mutasaddi rahbarlari ishtirok etishdi.
Talabalar “Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzolik guvohnomalarini tantanali ravishda qabul qilib olishib, o‘z vazifalarini sadoqat bilan ado etishlariga vaʼda berishdi. Mazkur tadbir namuna sifatida o‘tkazildi va endilikda respublikamizning boshqa viloyatlarida ham shu andoza asnosida tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilib olindi.
Tadbir so‘ngida barcha talabalar jo‘r bo‘lishib, harbiy orkestr musiqa sadolari ostida baralla O‘zbekiston Respublikasi madhiyasini ijro etishdi. Albatta yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning ijrosini taʼminlashda tashkil etilayotgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyati ham ahamiyatli bo‘ladi.