Andijon viloyatida "Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!" shiori ostida harbiy qismda "Ochiq eshiklar kuni" tadbiri boʻlib oʻtdi.
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb masalasidir. Bu borada maktablar va harbiy qismlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarini sadoqat ruhida kamol toptirishga xizmat qilmoqda.
Ana shu maqsadga qaratilgan navbatdagi tadbir Milliy gvardiya Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi va "Qoʻriqlash" boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Harbiy qismda o‘tkazilishi go‘zal anʼanaga aylangan “Uch avlod uchrashuvi”da soʻz olganlar oʻzlarining boy amaliy tajribalari va kasbiy mahoratlarini yosh avlod vakillariga soʻzlab, yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish lozimligi toʻgʻrisida tushunchalar berib oʻtdilar. Uchrashuv qizgʻin suhbatga boy tarzda oʻtkazildi.
Tadbirning ikkinchi qismida yoshlar harbiy qism saf maydonida yoyilgan turli oʻquv nuqtalarida qurol-aslaha va harbiy anjomlar bilan tanishib, koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldilar. Harbiy qismda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlarni koʻzdan kechirgan mehmonlarda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqish ortgani shubhasiz.
Taʼkidlash joizki, harbiy xizmatchilarning jangovar chiqishlari va sport musobaqalari yoshlarga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.