Angren shahrida to‘rt yuzga yaqin yoshlar ishtirokida “Men vatanparvarman“ shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbirlari bo‘lib o‘tdi
Harbiy prokuratura tashabbusi bilan Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Angren shahar hokimligi, maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi hamkorligida Angren shahrining olis hududidagi 43-sonli umumtaʼlim maktabida vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi.
To‘rt yuzga yaqin yoshlar ishtirokida “Men vatanparvarman“ shiori ostida o‘tgan tadbir Davlatimiz madhiyasini jo‘r bo‘lib ijro etishdan boshlandi.
So‘z olganlar Vatan, tinchlik qadri, buyuk ajdodlarimiz merosi, bugungi Yangi O‘zbekiston sharoitida yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar, osoyishta yurtimizni himoya qilishda harbiylarning o‘rni haqida eʼtirof etishdi.
O‘z navbatida, o‘quvchilar o‘qib bergan vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlar qatnashchilar tomonidan davomli olqishlar bilan kutib olindi.
Faol qatnashgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandilar.
Harbiylarning Vatan haqidagi kuy-qo‘shiqlari yoshlarning shodon o‘yin-kulgilari bilan qarshi olindi.