ANIQ MAQSAD SARI QO‘YILGAN QADAM
Kelajak avlodni Vatanga muhabbat, yurtiga sadoqatli qilib tarbiyalash yo‘lida ularni sport bilan do‘stlashishini taʼminlab borish muhim jihatlardan sanaladi. Ayniqsa, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini sport turlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimda bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan 1-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy va sport tadbirlari tashkil etildi.
Harbiy xizmatchilar boshchiligida bolajonlar uchun stol tennisi va ot sporti bilan muntazam shug‘ullanib borishlarini taʼminlash maqsadida sport to‘garaklari yo‘lga qo‘yildi. Uchrashuvda avvalo tarbiyalanuvchilar ot sporti bilan yaqindan tanishtirilib, otga mehr berish, u bilan do‘stona munosabatni yo‘lga qo‘yish sirlari o‘rgatib o‘tildi.
Shuningdek, bolajonlar bilan o‘tgan sport tadbirlari davomida mutaxassislar tomonidan salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan mashg‘ulotlar ham olib borildi.