Aholi muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash yuzasidan Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Djurayev boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh Buxoro viloyatidagi o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda
O‘rganishlar davomida viloyat aholisining elektr energiyasi, gaz hamda ichimlik suvi bilan taʼminlanish ahvoli va fuqarolarning ushbu tizimdan roziligi, isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligi, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir mahallalarda beshlik (sektor rahbarlari, mahalla raislari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari) tomonidan fuqarolarni qabul qilish va ularning muammolarini hal etish amaliyotiga oid masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yoshlar siyosatiga oid masalalar esa Milliy gvardiya qo‘mondonining har doimgidek asosiy eʼtiborida bo‘lib maktablarda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar, har bir o‘quvchini iqtidorini yuzaga chiqarish va kasbga yo‘naltirish masalalari, yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish va qiziqishlarini inobatga olgan holda sport to‘garaklari tashkil qilgan holda bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga qaratilgan ishlar, jumladan ushbu yo‘nalishlardagi mavjud muammolar o‘rganildi.
Shuningdek, aholini tashvishga solayotgan dolzarb kundalik ijtimoiy-maishiy muammolarni hal etishda sektorlar faoliyatining samaradorligi, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlik, yoshlar va ayollarning tashabbuskor loyihalariga ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda.
Tadbir davomida aniqlangan kamchilik va muammolar hamda ularni tezkor yechimi yuzasidan ishchi guruh tarkibidagi mutasaddi rahbarlarga aniq vazifalar va ularning ijro muddatlari belgilab berildi.