Harbiy xizmatchi va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Mustahkam oila – davlatning tayanchi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi
Mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish va Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini yana-da oshirish, qulay sharoitlar yaratish, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Milliy gvardiya Qibray tumanida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatchi va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Mustahkam oila – davlatning tayanchi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Respublika harbiy sudi, Toshkent harbiy prokuraturasi, Diniy ishlar qo‘mitasi, Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassislari ishtirok etib, mustahkam oila qurish va uni saqlashning barcha yo‘llari haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Shuningdek, interaktiv tarzda seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Tadbir so‘ngida harbiy xizmatchi va ularning oila aʼzolari uchun sayyor hamda ommaviy qabullar o‘tkazildi. Harbiy prokuratura masʼul ofitserlari tomonidan har bir murojaat tinglanib, hal etish choralari bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi. Shuningdek,xotin-qizlarni ishga joylashtirish va bandligini taʼminlash bo‘yicha bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan shu joyning o‘zida hujjatlar rasmiylashtirildi.
Endilikda ular ushbu hujjat bilan turli kasanachilik, hunarmandchilik, pishiriq, tikuvchilik kabi hunarlar bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.