AYOL HARBIY XIZMATCHILARNI RUHAN YUKSALTIRISH YO‘LIDAGI TRENINGLAR
Hozirgi kunda Milliy gvardiya saflarida ko‘plab xotin-qizlar o‘z xizmat faoliyatlarini olib borishmoqda.
Xususan, Milliy gvardiya Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasida yigitlar bilan yelkama-yelka xizmat qilayotgan qizlarning safi ham kengaygan.
Tizimda xizmat qilayotgan harbiy xotin-qizlar xizmat vazifasi bilan birga oila va ro‘zg‘or yumushlarini ham o‘z o‘rniga qo‘yishayotganligi ham tahsinga sazovor. Oila bekasi bo‘lgan ayollarning ota-onalari hamda turmush o‘rtoqlari ularning yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lidagi xizmatlari bilan faxrlanishadi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, ayol harbiy xizmatchilar jangovar vazifalarni bajarishdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni oila aʼzolari va hamkasblarining maʼnan qo‘llab-quvvatlashlari sabab uddalay olishmoqda. Ayniqsa, bu borada ularning ruhiy holati va kayfiyatining ijobiy bo‘lishi ham juda muhim.
Jumladan, harbiy xizmatchi ayollarning ruhiyatini ko‘tarish, xizmatga bo‘lgan munosabatini yana-da yaxshilash maqsadida Milliy gvardiya Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Qo‘riqlash boshqarmasi psixologlari bilan hamkorlikda viloyat Qo‘riqlash boshqarmasining "Ruhiy yengillashtirish xonasi" ga tashrifi amalga oshirilib, psixologik trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.