BAYRAMONA TUHFALAR - BOLAJONLAR BILAN TARIXGA NAZAR
Har yili dillarda quvonch bilan nishonlanadigan 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni, ushbu yilda ham bolalar qalbida yaxshi xotiralar bilan esda qolarli bo‘ldi. Boisi, sana munosabati bilan Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilarining 50 nafarga yaqin farzandlari bilan hamisha navqiron Samarqand shahri bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.
Tarixiy qadamjolarga sayohat bolalar tafakkuri va dunyoqarashlarini boyitishga xizmat qildi. Ayniqsa, Go‘ri Amir, Hazrati xizr maqbarasi, Registon ansambli, Shohizinda ziyoratgohlariga qilingan ekskursiya orqali buyuk ajdodlarimiz va ularning tarixi, amalga oshirgan ezgu amallari bilan yaqindan tanishishdi.
Shuningdek, sayohat davomida ishtirokchilar Samarqand Davlat Universitetida joylashgan zoologiya muzeyi hamda botanika bog‘ida ham bo‘lishdi.
Milliy gvardiya boshqarmasida tashkil qilingan tushlik esa yana bir xayrli kunga yakun yasadi.
Farzandlarimiz bizdanda bilimli, bizdanda aqlli bo‘lib yetishishlari uchun bor bilim va ko‘nikmalarimizni o‘rgatib borishimiz muhim jihatlardan sanaladi. Shu maqsadda tashkil etilgan bayramona sayohat, bolajonlar bilimini yana-da boyitishga, vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilishi shubhasiz.