BOLALAR QUVONCHI – BAXTDAN NISHONA
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Milliy gvardiyaning Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismi tomonidan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun Bo‘stonliq tumani tog‘ bag‘ridagi so‘lim tabiat qo‘yniga ekskursiya uyushtirildi.
Bolajonlar Beldersoyda joylashgan 3 ming metr uzunlikdagi osma kanat yo‘li orqali tepalikka ko‘tarilar ekan, qalblari quvonchga to‘ldi.
Bolalar ochiq osmon ostida muhim 5 tashabbus doirasidagi tasviriy sanʼat, shaxmat-shashka, ashula va raqs singari yo‘nalishlarda o‘zlarining mahoratlarini namoyish etishdi. Ayniqsa qizaloqlarning ashula aytish qobiliyatlari barchani olqishiga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari bilan ruhiyatga ijobiy taʼsir o‘tkazuvchi “Psixologik trening”lar “Art terapiya” mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Barchaga shodlik ulashish maqsadida tashkil etilgan tadbir muddatli harbiy xizmatchilarining badiiy chiqishlari bilan davom ettirilib, unda bolajonlar kuy-qo‘shiqlarga raqsga tushib, maroqli hordiq chiqarishdi.
Tadbirda qatnashgan faol oilalarga sovg‘a salomlar ulashildi.
Bir so‘z bilan aytganda, oilalarning mustahkamligi, farzandlarning barkamol bo‘lib voyaga yetishishida bu kabi tadbirlarning o‘rni beqiyos.