BUGUN — BUTUNJAHON OITSGA QARSHI KURASH KUNI
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, hozir dunyoda OIV infeksiyasidan aziyat chekayotgan 40 millionga yaqin bemor bor. Ular soni yiliga o‘rtacha 1,5 million nafarga ko‘paymoqda. Eng yomoni, xastalik har yili 600 mingdan ziyod kishining hayotiga zomin bo‘lyapti.
Umuman, Yer yuzida OITS epidemiyasi boshlangandan buyon 75 million odam ushbu dardga chalinib, 32 million nafardan ortig‘i vafot etdi.
Bunday xavotirli ko‘rsatkichlar mazkur yuqumli kasallik insoniyat salomatligi uchun naqadar jiddiy tahdid ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Zero, OIV va OITS butun dunyo hamjihatlikda kurashishi lozim bo‘lgan global muammodir.
Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasida ham viloyat OITSga qarshi kurash markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda mazkur mavzu bo‘yicha harbiy xizmatchilarga keng miqyosda tushunchalar berildi.