Buxoroda “Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘quvchi yoshlarni vatanga muhabbat, harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, mardlik, jasurlik, shijoat, jasorat, qatʼiyat, kuch-g‘ayrat, intizom, jamoatchilikka tayanish kabi tuyg‘ularni shakllantirish, yurt tinchligi va himoyasi yo‘lida bor salohiyati bilan masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni birlashtirish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi hamkorligida musobaqa tashkil etildi. Mazkur musobaqada shahar va tumanlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan umumtaʼlim maktablarining 9-11 sinf o‘quvchilaridan iborat 12 ta jamoa ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari jamoani tanishtirish, bilimdonlar bellashuvi, saf tayyorgarligi, zaharlangan hududdan o‘tish, o‘q-dorilarni belgilangan joyga yetkazish va o‘qdonga joylash, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, suvli to‘siqdan o‘tish, qiziqarli estafeta kabi 8 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Bellashuv yakuniga ko‘ra, Shofirkon tumani jamoasi birinchi o‘rinni egallab Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.