Buxoro viloyatida noqonuniy baliq ovlash holatiga chek qo‘yildi
Joriy yilning 31 oktyabr kuni Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, hududiy ichki ishlar bo‘limi hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi reyd davomida Peshku tumanidagi “Qoraqir” tabiiy suv havzasida noqonuniy baliq ovlash holati fosh etildi.
Tekshiruv jarayonida fuqarolar S.T. va A.J. rezina qayiq hamda 35 dona leska to‘ridan foydalanib, jami 650 dona vovla baliqlarini tutayotgan vaqtida to‘xtatildi. Atrof hududni ko‘zdan kechirish chog‘ida esa 3 qopda 333 dona vovla va 94 dona salyutka baliqlari ham topilib, ularning hech qanday ruxsatnomasiz ovlanganligi aniqlandi.
Reyd natijasida jami 1079 dona baliq, 1 dona rezina qayiq va 35 dona leska to‘ri vaqtincha olib qo‘yildi hamda qonun doirasida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Mazkur tadbir atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik resurslardan oqilona foydalanish hamda noqonuniy baliq ovlashga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirildi.