Buxoro viloyatida qator tashkilotlar hamkorligida mingdan ziyod tomoshabinlar ishtirokida uloq-ko‘pkari musobaqasi o‘tkazildi.
G‘ijduvon tuman hokimligi, viloyat uloq-ko‘pkari federatsiyasi, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda bir guruh homiylar tashabbusi bilan ot sporti bo‘yicha uloq-ko‘pkari musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa G‘ijduvon tumanining Baraka cho‘l hududida o‘tkazildi. Milliy sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan musobaqada 200 nafardan ziyod chavandozlar g‘oliblik uchun kurash olib bordilar.
Maʼlumot o‘rnida shuni aytish joizki, uloq ko‘pkari — O‘rta Osiyo xalqlarining qadimiy musobaqasi bo‘lib, minglab o‘yinchilar otda, chang-to‘zonda, hayajon va qo‘rquvda uloq uchun kurashadilar.
Ko‘pkari turniri o‘zbek xalqining qadimiy davrlariga borib taqaladigan boy madaniyati, etnosport turlaridan biri hisoblanadi.
Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan musobaqada faol ishtirokchilar va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.