DALA-O‘QUV MAYDONIDA YoSHLARNING BIR KUNI
Kuni kecha Toshkent viloyatida joylashgan dala-o‘quv maydonida Chirchiq shahridagi Milliy gvardiya harbiy qism va harbiy prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi hamda Jamoat xavfsizligini universiteti hamkorligida o‘quvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy sohaga mehr uyg‘otish maqsadida “Dala-o‘quv maydonida yoshlarning bir kuni” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirga poytaxtimizning Olmazor tumanidan 70 nafar o‘quvchi va uyushmagan yoshlari jalb etildi. Tadbir davomida harbiylarning qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari, o‘q-otar va maxsus qurollar hamda jangovar texnikalar ko‘rgazmasi, shuningdek harbiylashgan aralash sport estafetalari tashkil etildi.
Yakunda faol ishtirok etgan yoshlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.