Davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan Davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik bayrami arafasida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida tantanali marosim o‘tkazildi.
Marosimda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlar komandirlari, muassasalar boshliqlari va shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Milliy gvardiya qo‘mondoni barchani qutlug‘ bayram bilan muborakbod etib, ularga ezgu niyatlar bildirdi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligini oshirishdagi alohida xizmatlari, qonun ustuvorligi va tinchlikni taʼminlash yo‘lidagi fidoyiligi va jasorati uchun tizimning 800 nafardan ortiq harbiy xizmatchi va xodimlari yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanganligini taʼkidladi.
Shundan so‘ng, Davlatimiz rahbari Farmoni bilan berilgan “Mardlik” va “Do‘stlik” ordenlari, “Jasorat”, “Sodiq xizmatlari uchun” va “Shuhrat” medallari hamda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi esdalik nishonlari egalariga tantanali ravishda topshirildi
Shu bilan birga, xizmatda yuqori natijalarga erishgan bir qator harbiy xizmatchi va xodimlarga polkovnik harbiy unvonlari, namunali xizmatlari hamda maʼnaviyat aʼlochisi ko‘krak nishonlari ham topshirildi.