Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan maktabdagi taʼlim-tarbiya yo‘nalishidagi ustuvor vazifalarning amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida, Milliy gvardiya qo‘mondoni Sirdaryo viloyatidagi manzilli ishlarini davom ettirmoqda
Avval xabar berganimizdek, mazkur yo‘nalishdagi mavjud muammmolar va ularning yechimi yuzasidan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Milliy gvardiya hamkorligida belgilab olingan istiqbolli rejalar asosidagi amalga oshirilayotgan ishlar hamda ularning natijasi manzilli o‘rganilmoqda.
Xususan, joriy yilning 22 fevral kuni Milliy gvardiya qo‘mondoni Guliston shahrida joylashgan 14, 10, 6 va 2-sonli hamda Guliston tumanidagi 28 va 9-sonli maktablardagi taʼlim-tarbiya va davomat bilan bog‘liq muammolar hamda ularning yechimlari yuzasidan maktab maʼmuriyati, o‘qituvchi va mutaxassis psixologlar, mahalla yettiligi hamda sohaga oid masʼul xodimlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida maktabdagi inspektor-psixologlarning yangi tizimdagi ish faoliyati, ota-onalar va mahalla faollarining “Maktab – ota-ona – mahalla” tamoyili asosida, farzandlarining taʼlim-tarbiyasiga bo‘lgan masʼuliyatini oshirishga qaratilgan hamkorlik masalalari muxokama qilindi. Shuningdek, maktablarning qo‘riqlovini yangicha tizimda takomillashtirishga qaratilgan amaliy ishlarni yana-da jadallashtirish borasida, zarur ko‘rsatmalar berildi.