EZGU VA SAVOBLI ISHLAR DAVOM ETMOQDA
Yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida yurtboshimiz tashabbusi bilan "Temir daftar", "Ayollar daftari" va "Yoshlar daftari" joriy etilgan. Bugungi kunda mazkur daftarlarga roʻyxatga olingan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Milliy gvardiya hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda ularni qiynayotgan muammolarni oʻrganib, amaliy yordam koʻrsatmoqda. Birgina misol Mirzo Ulugʻbek tumanida 65 yoshli ayol farzandi bilan shu kunga qadar ogʻir sharoitlarda tashlandiq joyda yashab kelganligi aniqlandi. Milliy gvardiya tomonidan ona-bolaning sharoiti oʻrganilib, “Olmachi” mahallasidagi yotoqxonaga joylashtirish choralari koʻrildi. Xona taʼmirtalab boʻlganligi sababli hozirda tuman "Qoʻriqlash" boʻlimi tomonidan u yerda taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, xonani kerakli mebel va buyumlar bilan jihozlash rejalashtirildi.
Bundan tashqari, Yangihayot tumanidagi "Yoʻldosh" mahallasida yashovchi 66 yoshli 2-guruh nogironi Y.A. (erkak) va boquvchisini yoʻqotgan 59 yoshli 2-guruh nogironi Z.Y. (ayol) xonadonlarida taʼmirlash ishlari Milliy gvardiya tomonidan yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda mahallalarda doʻstlik va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yolgʻiz keksalar, ehtiyojmand oilalar, bemor va nogiron insonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ezgu va savobli ishlar kuchaytirilmoqda.