“EʼZOZ VA EHTIROM” NOMLI HARBIY QISMDAGI “UCH AVLOD UCHRASHUVI”.
Harbiy qismlarda haftaning har juma kuni “Maʼnaviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” tadbirlari o‘tkazilishi yaxshi anʼanaga aylangan. Ayniqsa ustoz-shogird yo‘nalishida ko‘p yillik tajribaga ega faxriylar bilan uchrashuvlar muddatli harbiy xizmatchilar va yoshlarda vatanga muhabbat tuyg‘usini shakllantirib, vatanparvarlik ruhida ulg‘ayishiga turtki bo‘lmoqda.
Milliy gvardiyaning Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlaridan birida Mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida Qibray tumani “Nuroniylar jamg‘armasi” hamda “Yoshlar ishlari agentligi bo‘limi” bilan hamkorlikda “Uch avlod uchrashuvi” maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi. “Eʼzoz va ehtirom” nomli mazkur tadbirda uch avlod uchrashuvida Qibray tumani “Nuroniylar jamg‘armasi” nuroniylari, yozuvchi va shoirlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlari faxriylari, olimlar ishtirok yetishib, yosh harbiy xizmatchilarga o‘zlarining amaliy tajribalarini so‘zlab berishdi. Uchrashuv qizg‘in suhbatlarga boy bo‘ldi.
Tadbirning ikkinchi qismida Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan “Ona diyor ranglar jilosi” mavzusida rasmlar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tanlov so‘ngida g‘oliblarni taqdirlash marosimi ham tashkillashtirildi.