Farg‘ona viloyatida ikki nafar mahalliy aholi giyohvand moddalarni sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi
Joriy yilning 15 fevral kuni Qo‘qon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan hamkorlikdagi tezkor-profilaktik tadbir davomida Dang‘ara tumanida yashovchi B.I. to‘rtta paketga qadoqlangan umumiy og‘irligi 2 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik moddasini 400 ming so‘mga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlandi. Tekshiruv davomida qo‘lga olingan shaxsdan yana 20 gramm giyohvandlik moddasi topilib, olib qo‘yildi.
Shuningdek, 20 fevral kuni ham Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Qo‘qon shahar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida fuqaro M.D. 4 gramm “gashish”ni 500 ming so‘mga sotmoqchi bo‘lgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tekshiruv vaqtida qo‘lga olingan shaxsdan elektron tarozilar, pnevmatik qurol va yana 9 gramm “gashish” giyohvandlik moddasi topildi va olib qo‘yildi.
Hozirda har ikkala holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.