Fargʻonada yosh parasportchilarga amaliy yordam koʻrsatildi
Milliy gvardiya qoʻmondoni general-polkovnik B.Tashmatov tomonidan davlatimiz rahbarining qarorlari hamda sohada belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻona viloyatida manzilli oʻrganish ishlari olib borildi.
Tashrif doirasida qoʻmondon Fargʻona viloyatida faoliyat yuritayotgan Chavandozlar maktabiga tashrif buyurib, u yerda taʼlim olayotgan oʻquvchi-sportchilar, jumladan para ot sporti bilan shugʻullanayotgan yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
Maʼlumki, mazkur maktab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda 100 nafardan ortiq oʻquvchi-sportchilar ot sporti turlari bilan shugʻullanib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 2024-yil 8-noyabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Chavandozlar maktabida para ot sporti boʻlimi tashkil etildi. Ushbu yoʻnalishda malakali mutaxassislar tomonidan nogironligi boʻlgan yoshlarni sportga jalb qilish, ularning jismoniy va maʼnaviy reabilitatsiyasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qoʻmondon tashrif davomida parasportchilar bilan suhbatlashar ekan, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ayniqsa, harakatlanishdagi qulayliklar masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Suhbat jarayonida sportchilar tomonidan nogironlik aravachalariga ehtiyoj borligi bildirildi.
Mazkur murojaat tezkorlik bilan koʻrib chiqilib, amaliy yechim topdi. Natijada Milliy gvardiya hamkorligida amalga oshirilgan ishlar doirasida Inson huquqlari ijtimoiy himoya markazi va homiylar tomonidan 4 dona nogironlik aravachasi va 4 dona qoʻltiq tayoq, shuningdek Fargʻona viloyati Sport boshqarmasi tomonidan 11 jamlanma sport kiyimlari taqdim etildi.
Ushbu xayrli ish nogironligi boʻlgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning sport bilan shugʻullanishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, shu orqali jamiyatda faol ishtirokini taʼminlash yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik, albatta, yosh sportchilarni yangi yutuqlarga ruhlantirib, ularning kelajakka boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.