Farg‘ona shahrida harbiy xizmatchi va xodimlar hamda ularning oila aʼzolari ishtirokida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi
Farg‘ona shahrida joylashgan Sharqiy harbiy okrugi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Qurolli kuchlar tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va ularning oila aʼzolari ishtirokida ommaviy sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Unda Bosh prokuratura, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Respublika harbiy prokuraturasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchi va xodimlari, shuningdek, ularning oila aʼzolari ishtirok etishdi.
Ochiq muloqot avvalida Qurolli kuchlari tizimida olib borilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchi va xodimlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi.
Sayyor qabul davomida 100 ga yaqin fuqarolardan turli yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi.
Xususan, xizmat vaqtida vafot etgan marhum xodim Matazimov Rustamning turmush o‘rtog‘i Shahnoza Matazimova ish bilan bandligini taʼminlashda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi va bu muammo joyida ijobiy hal etildi.
Ishga joylashish, farzandlarni maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlariga joylash, xizmat joyini ko‘chirish masalalari, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun kreditlar olish kabi yo‘nalishlarda kelib tushgan bir qator muammolar ham o‘z yechimini topdi.
Mehribonlik uyi bitiruvchisi Shermatov Mo‘minjon hozirda Milliy gvardiya “Qo‘riqlash” boshqarmasida ofitserlik lavozimida xizmat qilib kelmoqda. U ham yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlardan mamnun holda, o‘z minnatdorchiligini izhor qilish maqsadida sayyor qabulga tashrif buyurdi.
Taʼkidlash joizki, bu kabi sayyor qabullar harbiy xizmatchi va xodimlar,shuningdek, ularning oila aʼzolarini huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda duch kelgan muammolarni ijobiy hal etishga keng zamin yaratmoqda.