FAROVON OILA – JAMIYAT RAVNAQINING ASOSI
Joriy yilning 19 may kuni Milliy gvardiyaning Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismi tashabbusi bilan Chirchiq davlat pedagogika instituti va Respublika Maʼnaviyat-maʼrifat markazi hamkorligida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Farovon oila – jamiyat ravnaqining asosi” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirga Respublika Maʼnaviyat-maʼrifat markazi aʼzosi, xalqaro toifadagi spiker, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, falsafa fanlari doktori, professor J.T. Shermuxammedova, Chirchiq shahar maʼnaviyat-maʼrifat bo‘limi rahbari M.I. To‘rayeva, Chirchiq davlat pedagogika instituti psixologiya fanlar nomzodi dotsent Sh.R. Samarova va psixologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi Sh.S. Abdusamatova tashrif buyurdi.
Zamon talablari asosida interaktiv usulda tashkillashtirilgan mazkur tadbirda yetuk maʼnaviyatchi va psixologlar tomonidan gender tengligi, oilada farzand tarbiyasi, sog‘lom muhit haqida kerakli tushunchalar berildi. Aytish joizki, mamlakatimizning har tomonlama ravnaq topishida jamiyatdagi oilalarning farovonligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, seminar uslubida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etgan harbiy xizmatchilarning 50 dan ortiq oila aʼzolari tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar hayotiy misollar asosida javob berishdi. Treningda sharqona gender tengligi masalasiga ham to‘xtalib, uning afzallik jihatlari aytib o‘tildi.
Yakunda harbiy qism badiiy havaskorlik jamoasi tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Shu bilan birga, tadbirga tashrif buyurgan harbiy xizmatchilar farzandlari o‘rtasida 5 ta muhim tashabbus doirasida shaxmat-shashka, rasm chizish, kitob o‘qish bo‘yicha musobaqalar tashkillashtirilib, g‘oliblarga sovg‘alar taqdim qilindi.