O‘zbekiston funksional ko‘pkurash Federatsiyasi 3 yoshga to‘ldi!
Milliy gvardiya qo‘mondonligi va shaxsiy tarkibi Federatsiyasining uch yilligi munosabati bilan sportchilar va murabbiylarini samimiy muborakbod etib, muvaffaqiyat va g‘alabalar tilaydi!
Federatsiyaning shakllanishi va rivojlanishiga mazkur Federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari katta leytenant L.Temayevaning hissasi katta. Yengil atletika bo‘yicha sport ustaligiga nomzod, ko‘p karra medal sovrindori, funksional ko‘pkurash bo‘yicha murabbiy va sportchi Lyubov Avliyevna 2018 yilda KrossFitga qiziqa boshlagan. U funksional ko‘pkurash bo‘yicha birinchi o‘quv qo‘llanmasi muallifi, harbiy xizmatchi hamda xodimlar uchun funksional ko‘pkurash dasturi bo‘yicha uslubiy qo‘llanma yaratuvchisi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik M.G‘aniyev raisligida Federatsiya yaratilgan yilning birinchi oylaridanoq yirik musobaqalar o‘tkazilishi boshlandi. Mamlakatimizning bir qator yetakchi sport tashkilotlari bilan shartnoma va memorandumlar imzolandi.
Xususan, 2021 yilning noyabr oyidayoq funksional ko‘pkurash Federatsiyasi tomonidan bolalar va kattalar uchun sport seksiyalari ochildi. Shu bilan birga, murabbiy va sportchilar nogiron va ruhiy kasalliklarga chalingan bolalar, shuningdek Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga alohida eʼtibor qaratilib, ularning sport bilan shug‘ullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratildi.
Shu kungacha Toshkent shahrining o‘zida 20 ta yangi sport seksiyalari ochildi. Mazkur sport turi bilan sportchi va havaskorlar hududlardagi sport klublarida faol shug‘ullanib kelishmoqda. Quvonarlisi shundaki, funksional ko‘pkurash mahalliy yoshlar o‘rtasida ham keng ommalashmoqda.
2022 yilning aprel oyidan boshlab 5 nafar imkoniyati cheklangan bolalar professional sportga tayyorlandi. Hozirda esa ular Milliy Paralimpiya terma jamoasi aʼzolari hisoblanishadi, shuningdek 20 dan ortiq bolalar futbol, taekvando va velosport kabi sport turlari bo‘yicha o‘qitildi.
Federatsiya tomonidan O‘zbekistonda 10 ta xalqaro turnir tashkil etildi va o‘tkazildi. Ko‘pkurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatib, oltin va kumush medallarga ega bo‘ldi va bugungi kunda sportchilar soni ortib bormoqda. Hozirda havaskorlar toifasida 50 ga yaqin sportchilar, professional toifada esa 20 nafar sportchilar mavjud. Toshkent shahrida 15 nafar, Samarqandda 10 nafar murabbiy malaka oshirdi va tayyorlandi.
Federatsiya joriy yilning 17-19 may kunlari Osiyo chempionatiga mezbonlik qilish kabi yutuqni qo‘lga kiritganidan albatta faxrlanamiz.
Federatsiyaning maqsadli dasturida ko‘rsatilganidek, sog‘lom turmush tarzi va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasini yaxshilash, fuqarolar salomatligini mustahkamlash, aholi o‘rtasida funksional ko‘pkurashni ommalashtirish, shuningdek, ushbu sohada xorijiy davlatlar bilan xalqaro aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda.
Funksional ko‘pkurashning paydo bo‘lish tarixi judayam qiziqarli, dastlab, u 80-90-yillarda umumiy jismoniy tarbiya tizimida ishlab chiqilib, joriy qilingan. U harbiy xizmatchilar, maktab o‘quvchilari va universitet talabalari o‘rtasida jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish, shuningdek, sportchilarning musobaqalarga tayyorgarligini yana-da mustahkamlash maqsadida foydalanilgan.
2000 yilda Greg Glassman va uning rafiqasi Lauren Djenay KrossFit (inglizcha kross - "kesib o‘tmoq", “fitnes” - “fitness”)ga asos soldi, bu og‘ir atletika, sakrash elementlari bilan intensiv intervalli mashg‘ulotlar, pauerlifting (sportchi uchun eng og‘ir bo‘lgan og‘irlik qarshiligini yengish), yugurish, gimnastika, og‘irlikni ko‘tarish va boshqa sport mashg‘ulotlarini o‘z ichiga oladi.
Mamlakatimizda ushbu sport turi 2021 yil 23 avgust oyida Funksional ko‘pkurash sifatida rasman ro‘yxatga olindi.
Yangi sport turi nafaqat yoshlar orasida, balki aholining barcha qatlamlari orasida tez ommalashib bormoqda. Masalan, 35+ yosh toifasida sportchilar soni ortib, bugungi kunda ular soni 20 nafarga yetdi.
O‘zbekiston ko‘pkurash Federatsiyasi sportchi va murabbiylari kelajakda xalqaro va Olimpia o‘yinlarida yuqori natijalarga erishib, mamlakatimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarilishiga o‘z hissalarini qo‘shishlariga Milliy gvardiya qo‘mondonligi ishonch bildiradi va bu borada ularga ulkan zafarlar tilab qoladi.