Firibgarlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan ikki nafar shaxs Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qo‘lga olindi
Poytaxtimizning Mirobod tumani “Qo‘yliq” dehqon bozoriga tutash hududda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.
Dastlabki surishtiruvlar natijasida, qidiruvda bo‘lgan ushbu shaxs 40 yoshli X.R. ekanligi maʼlum bo‘lib, joriy yilning aprel oyida unga nisbatan Buxoro viloyati IIB tomonidan firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi sababli qidiruv eʼlon qilingan.
Shuningdek, olingan maʼlumotlarga ko‘ra, Mirobod tumani Qo‘riqlash bo‘limi tezkor guruh xodimlari tomonidan, Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan “Fayzobod korzinka” savdo majmuasida, qidiruvda bo‘lgan yana bir shaxs, qo‘lga olindi.
O‘rganishlar natijasida ushbu shaxs 19 yoshli fuqaro R.B. ekanligi va U, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, Yunusobod tumani IIB tomonidan qidiruvga berilganligi aniqlandi.
Qo‘lga olingan shaxslar hududiy ichki ishlar bo‘limlariga topshirildi.