FIRIBGARNING REJASI AMALGA OSHMADI
Joriy yilning 28 aprel kuni Farg‘ona viloyatida olingan xabarga ko‘ra viloyat IIB va Milliy gvardiya hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida “Qo‘qon-Yangiqo‘rg‘on” avtomobil yo‘nalishida kirakashlik bilan shug‘ullanish niyatida bo‘lgan Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqaro M.V. ga shu tumanda yashovchi “Ilhom” ismli shaxs “Qo‘qon-Yangiqo‘rg‘on” yo‘nalishida “Daryo trans” MChJ va YHXB xodimlari tomonidan hech qanday to‘siqlarsiz kirakashlik qilishi uchun sharoit yaratib berilishini, YHXBda ishlovchi tanishlari orqali barcha ishlarni hal qilishini aytib, ushbu yo‘nalishda kirakashlik qilish uchun, oldindan 600.000 so‘m keyin esa har oyda 300.000 so‘mdan pul berib kelishi talab qilingani aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida oldindan belgilangan Uchko‘prik tuman markazida “Ilhom” ismli shaxs o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Spark” rusumli 40 787 OAA davlat belgili avtomashinasida arizachidan, maxsus ishlov berilgan 500.000 so‘m pulni olgan vaqtda xolislar ishtirokida qo‘lga olindi.
Olib borilgan dastlabki o‘rganishlar mobaynida “Ilhom” ismli shaxs muqaddam Farg‘ona viloyati IIB tizimida xizmat qilib, o‘zining salbiy xatti-harakatlari uchun 2006 yilda IIO safidan bo‘shatilgan 1978 yilda tug‘ilgan Uchko‘prik tumanda yashovchi fuqaro I.I. ekanligi maʼlum bo‘lgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.