G‘ALABA MUBORAK!
Bugun poytaxtimizda joylashgan “Humo” arenada bo‘lib o‘tgan boks kechasida O‘zbekistonlik bokschilar tengsiz ekanliklarini yana bir bor namoyish etdilar. Jang kechasi doirasida 8 nafar bokschimiz ringga ko‘tarilib, mutloq g‘alabani qo‘lga kiritdilar.
Xususan, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari Iqboljon Xoldorov , Hasanboy Do‘smatov, Bahodir Jalolov, Murodjon Ahmadaliyev janglarida yaqqol ustunlik bilan barcha tomoshabinlarda ulkan taassurot qoldirdilar.
Taʼkidlash joizki, xizmatdoshimiz Iqboljon Xoldorov professional boksdagi debyut jangida Tanzaniyalik raqibi Kulva Bushiriga qarshi ringga ko‘tarilib, nokaut evaziga g‘alaba qozondi.
“Rio” olimpiadasi g‘olibi katta leytenant Hasanboy Do‘smatov esa Tanzaniyadan tashrif buyurgan bokschi Muhsin Kizotani ikkinchi raunddayoq mag‘lub etib, WBA International kamarini qo‘lga kiritdi.
Boks oqshomining yorqin yulduzi xizmatdoshimiz Bahodir Jalolov Latviya vakili Kristaps Zuisga qarshi ringga ko‘tarildi va katta ustunlik bilan kechgan jangning 2 raundida Jalolov raqibini nokautga uchratdi.
Boks kechasining asosiy jangida ishtirok etgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Murodjon Ahmadaliyev Yaponiyalik Ryosuke Ivasaga qarshi ringga ko‘tarildi. Xizmatdoshimiz ketma ket kuchli zarbalar evaziga jangni o‘z vaqtidan oldin yakunlab, WBA va IBF kamarlarini munosib himoya qilishga muyassar bo‘ldi.
Barcha sportchilarimizni bugungi g‘alaba bilan muborakbod etib, doimo qo‘llari baland kelishiga tilakdoshmiz.