GIYOHVANDLIK VA PSIXOTROP MODDALAR SAVDOSIGA ChEK QO‘YILDI
Joriy yilning 12 mart kuni Farg‘ona viloyatida olingan xabarlarga asosan Milliy gvardiya, IIB va DXX masʼul xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tadbir davomida Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro B.R. maxsus xaridorga 4.500 AQSH dollari evaziga polietilen paketga o‘ralgan “Opiy” giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Ushbu fuqarodan 150 gramm opiy giyohvandlik moddasi, 4.500 AQSH dollari va bir dona elektron tarozi daliliy ashyo sifatida xolislar ishtirokida olib qo‘yildi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida Milliy gvardiya va Qo‘qon shahar IIO xodimlari tomonidan Qo‘qon shahrida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro N.O. boshqaruvidagi davlat raqami 40 732 TTL bo‘lgan Matiz rusumli avtomashina to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda uning salonidan 16 dona “TROPIKAMID” nomli psixotrop vositalari aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.
Hozirda ikkala holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.