GIYOHVANDLIK MODDASI SOTILISHI OLDI OLINDI
Joriy yilning 13 mart kuni Farg‘ona viloyatida olingan xabarga ko‘ra Milliy gvardiya va Qo‘qon shahar IIO masʼul xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida, Qo‘qon shahrida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro D.B. maxsus xaridorga 500.000 (besh yuz ming) so‘m pul evaziga vazni 4 gr bo‘lgan “Gashish” giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olinib, uning boshqaruvida bo‘lgan davlat raqami “40 608 TTK” bo‘lgan MATIZ rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda avtomashina o‘rindig‘i ostida ham vazni taxminan 7 gr bo‘lgan “Gashish” giyohvandlik moddasi borligi aniqlangan. Xodimlar tomonidan jami 11 gr “Gashish” giyohvandlik moddasi va 500 000 so‘m pul xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida olinib, tegishli ravishda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIO xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.