Hamkorlikdagi reyd tadbirlari davomida umumiy qiymati 171 million so‘m bo‘lgan farmatsevtika vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi
Joriy yilning 25 yanvar kuni soat taxminan 10:30 larda Farg‘ona viloyati Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat boshqarmasi harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida 54 yoshli fuqaro N.B. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport vositasi 30 yoshli fuqaro A.X.ning xonadonidan chiqayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida avtomashina saloni va yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan, sifati kafolatlanmagan 16 400 dona
“Seftriakson” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng fuqaro A.X.ning yashash xonadoni tegishli tartibda ko‘zdan kechirilganda xonadon hovlisida tegishli hujjatlari bo‘lmagan, sifati kafolatlanmagan 8 000 dona xuddi shunday dori vositalari borligi maʼlum bo‘ldi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro A.X.ning ikkinchi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida xonadondan ham 800 dona “Seftriakson” va 40 000 dona “Kardiomagnil” nomli dori vositalari topildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida umumiy qiymati 171 200 000 so‘mlik 2 turdagi jami 65 200 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari ashyoviy dalil tariqasida musodara qilinib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.