Harbiy shaharchada bunyod etilgan uylar bayram arafasida o‘z egalariga topshirildi
Tabiatning uyg‘onish ramzi bo‘lgan Navro‘z bayrami yurtimizda keng nishonlanmoqda. Ushbu ulug‘ ayyom kunlariga hamohang tarzda o‘tkazilgan mazkur tantanali marosim ham harbiy xizmatchi va xodimlar hamdaularning oila aʼzolari uchun unutilmas kun bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida bunyod etilgan harbiy shaharchadagi ko‘rkam va zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi 300 ta xonadonning kalitlaribayram arafasida o‘z egalariga topshirildi.
Ushbu tantanali tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev, Toshkent shahar Yashnobod tumani hokimi B.Raxmanqulov hamda mutasaddi rahbarlar shuningdek, harbiy xizmatchi va xodimlarning oila aʼzolari ishtirok etdilar.
Tadbirda samimiy bayram tilaklari bilan o‘z nutqini boshlagan Milliy gvardiya qo‘mondoni harbiy xizmatchi hamda xodimlar va ularning oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi doimo davlatimizning asosiy diqqat markazida ekanligini alohida taʼkidlab, yaratilayotgan ulkan imkoniyatlarning barchasi yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan tizim harbiy xizmatchilarining fidokorona xizmatlariga bo‘lgan munosib eʼtirof ekanligini qayd etib o‘tdi.
Shu bilan birga, bayramona ruhda o‘tgan tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘iga ko‘ra xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan, fidoiy va jonkuyarligi bilan safdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchi va xodimlarga navbatdagi “polkovnik” harbiy unvoni,faxriy yorliq, ko‘krak nishonlari va qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
Yangi uylar va harbiy unvonlar muborak bo‘lsin!