IBRATLI OILA – JAMIYAT KO‘ZGUSI
Oila mustahkamligi bu – tinchligini asrash, o‘sib kelayotgan kelajak avlodga baxtli hayotni tuhfa qilish demakdir. Shu boisdan ham O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchi va xodimlarining oilalaridagi ijobiy hayotiy tajribalarni ommalashtirish, tariximiz, milliy anʼanalarimiz va urf-odatlarimizga bo‘lgan chuqur hurmat ehtiromni kuchaytirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida ayni kunlarda "Ibratli oila" ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilning 25 iyun kuni Samarqand viloyatida mazkur tanlovning hududiy bosqichi o‘tkazildi. Unda Milliy gvardiya Samarqand, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmalarining jamoalari 3 ta shart asosida o‘zaro bellashishdi.
Tanishtiruv, sahna ko‘rinishi va milliy urf-odatlarimizni o‘z ichiga olgan ushbu ko‘rik-tanlov orqali dolzarb muammolar ochib berilib, qiziqarli chiqishlarga boy tarzda o‘tkazildi.
Ko‘rik-tanlov yakuniy xulosalariga ko‘ra, 3-o‘rin Samarqand viloyatining “Maroqand”, 2-o‘rin Navoiy viloyatining "Qizil qum" jamoasiga, faxrli birinchi o‘rin esa Sirdaryo viloyatining "Muqaddas oila " jamoasiga nasib etdi.
Shuningdek, g‘olib jamoa Samarqand viloyatida 29 iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan respublika bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.