Milliy gvardiya inspektor-psixologlarining o‘quv-uslubiy yig‘ini o‘z yakuniga yetdi
Milliy gvardiya bolalar bilan ishlash bo‘limlarining inspektor-psixologlari ikki hafta davom etgan o‘quv-uslubiy yig‘inlarida qatnashishdi. Yig‘inlarning maqsadi davlatimiz Rahbari tomonidan ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriq asosida umumtaʼlim maktablariga biriktirilgan mutaxassislarga kasbiy mahorat va yangi lavozim vazifalarini o‘zlashtirishda yordam berishdir.
Bir hafta davom etgan birinchi bosqichda inspektor-psixologlar "Milliy gvardiya to‘g‘risida" gi qonunni, intizomiy nizomni va gvardiya faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek, inspektor-psixologlarning asosiy funksional vazifalari va faoliyati yo‘nalishlarini, boshqa manfaatdor vazirliklar va tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlar tamoyillarini o‘rganishdi.
Shu bilan birga, o‘quv dasturi bo‘yicha huquqiy fanlar kursi, maʼnaviyat va maʼrifat, aloqa, saf, jangovar va harbiy muhandislik tayyorgarligidan bilimlar olishdi.
Yig‘inning ikkinchi bosqichi butun respublikamiz bo‘ylab o‘quv harbiy poligonlarida o‘tkazildi. U yerda inspektor-psixologlar bilan maxsus maydonchalarda muhandislik va maxsus taktik, harbiy-tibbiy va o‘q otish bo‘yicha tayyorgarlik, jangovar mashinalarni haydash bo‘yicha mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar harbiy topografiya asoslarini, aloqa turlarini va ularning xususiyatlarini, aloqani o‘rnatishning maqsadi va umumiy qoidalarini, aloqa vositalarining taktik va texnik xususiyatlarini amaliyotda chuqur o‘rganib, anjom-aslaha bilan uzoq masofaga marsh yugurish mashqlarida qatnashishdi.
O‘quv yig‘ini davomida kun ertalab jismoniy tayyorgarlik, yugurish bilan boshlanadi. Darslar oralig‘ida inspektor-psixologlar o‘quv adabiyotlarini, o‘tilgan darslarning konspektlarini o‘qish, maishiy-ro‘zg‘or ehtiyojlari uchun tashkil etilgan chodir shaharchasida dam olish imkoniyatlariga ega bo‘lib, shuningdek, dala oshxonasi, tibbiyot punktlari ham mavjud. Harbiy xizmatchilar bo‘sh vaqtlarini kitob o‘qish, kino tomosha qilish bilan o‘tkazishdi.
Shuningdek, mutaxassis psixologlar uchun Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ansambli xonandalari tomonidan konsertlar, muzey va teatrlarga tashriflar, sport tadbirlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini yakunida sohaning masʼul rahbarlari tomonidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, unda o‘quv mashg‘ulotlari yakunlari sarhisob qilindi hamda kasb mahoratini yana-da oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.