IQTIDORLI YОSHLAR TADBIRKORLARGA BIRIKTIRILMOQDA
“Hunarli kishi xor bo‘lmas”, deydi xalqimiz. Darhaqiqat, davlatimiz tomonidan intiluvchan yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish yo‘lida keng imkoniyatlar va sharoitlar yaratilib berilmoqda. Chunki, ustoz ko‘rgan yigit-qizlar shogirdlik nomiga munosib bo‘lishga hamda ustozlarining ko‘magi bilan hayotda o‘z o‘rnini topishga intiladi.
Shu maqsadda, Buxoro viloyatida Milliy gvardiya masʼullari tomonidan joylardagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni “Har bir tadbirkor - yoshlarga madadkor” tamoyili asosida tadbirkorlikka keng jalb qilinib, "Yoshlar: 1+1" dasturi doirasida tadbirkorlarga biriktirish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Bu esa ishsiz yoshlar bandligini taʼminlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Xususan, ushbu tadbirlar orqali Buxoro shahridagi mahallalarga biriktirilgan masʼullarning uyma-uy yurib, o‘rganishlari natijasida mart oyining o‘zida 24 nafar ishsiz yoshlar aniqlanib, ularni tadbirkorlarga biriktirish orqali bandligi taʼminlandi. Shuningdek, hududda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlarga tashrif uyushtirilib, ishsiz yoshlarning ota-onalariga farzandlarining munosib kasb tanlashi bo‘yicha kerakli maslahat va tavsiyalar berilmoqda.