ISLOHOTLAR IJROSI AMALDA
Respublikamiz bo‘ylab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan masʼul vazirliklar hamkorligidagi ishchi guruh aʼzolarining sektorlar kesimidagi “mahallabay” amalga oshirayotgan ishlari o‘z samarasini bermoqda.
Kuni kecha Surxondaryo viloyatida Milliy gvardiya boshqarmasi mutasaddi rahbarlari tomonidan Boysun va Oltinsoy tumanlarida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, “mahallabay” olib borilayotgan ishlar samaradorligi oshirish masalalari o‘rganildi.
Joylardagi sektor rahbarlari, xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, MFY raislari va faollari, hokimlik, korxona va tashkilotlar masʼullari hamda keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni oldini olish borasidagi ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Uchrashuv mobaynida ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oshib ketganligi tanqid qilinib, tegishli masʼul rahbarlar qatʼiy ogohlantirildi. Jinoyat oshgan mahallalarda profilaktik targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, psixologlarni jalb etgan holda oilalarni o‘rganish, tegishli chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, uchrashuvda “Mahallabay” doirasida, "Temir daftar", "Yoshlar daftari" va "Ayollar daftar"lariga kiritilgan fuqarolarning muammolari o‘rganish, turmush sharoitini yaxshilash va bandligini taʼminlash va ushbu daftarlar ro‘yxatidan chiqarish borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama etilib, bu yo‘nalishdagi belgilangan vazifalarni bajarishda barcha bo‘g‘indagi rahbarlar masʼuliyat bilan yondashish zarurligi taʼkidlandi.
Muloqot davomida joylarda fuqarolarning karantin tartib-qoidalariga rioya etmayotganligi bu esa koronavirus bilan kasallanganlar soni keskin oshib ketayotganligi aytib o‘tildi. Bu borada barcha aloqador tashkilotlar vakillari aholi o‘rtasida targ‘ibotlar o‘tkazib, fuqarolarni eʼtiborsiz bo‘lmaslikka chorlash, karantinda belgilangan cheklovlarga amal qilinishini nazorat etishlari lozimligi taʼkidlandi. Yakunda, ishtirokchilarning savol va takliflari tinglanib, rahbarlarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.