Jinoyatchilikni oldini olish hamda “Xavfsiz poytaxt” tamoyili asosida Toshkent shahrida profilaktik va tezkor tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Poytaxtga kirish-chiqish nazorat punktlari — blokpostlarda xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan shubhali holatlar doimiy tekshirilib, qonunbuzarliklarning oldi olinmoqda.
20-mart kuni Bektemir tumani “Sharq” blokpostida A.I. boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasi toʻxtatilib tekshirildi. Undagi yoʻlovchi, 23 yoshli Y.S. xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, yonidan oʻtkir hidli yashil modda aniqlandi. Shundan soʻng, tungi vaqtda shu hududda X.R. boshqaruvidagi Nexia avtomashinasi ham tekshirilib, yoʻlovchi — 2002 yilda tugʻilgan M.SH.ning choʻntagidan 7 dona oq-sariq rangli kapsyula topildi. Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolar Bektemir tumani IIBga topshirildi.
21-mart kuni Yangihayot tumani “Binokor” blokpostida oʻtkazilgan tekshiruvda 36 yoshli I.I.ning paypogʻidan oq rangli kukunsimon modda aniqlangan. Shuningdek, Nexia-2 rusumli avtomashinani boshqarib kelayotgan 32 yoshli M.X. tekshirilganda, yonidan taqiqlangan modda topilmagan boʻlsa-da, u oʻz soʻzi bilan psixotrop modda isteʼmol qilganini bildirgan. Ushbu holatlar boʻyicha fuqarolar Yangihayot tumani IIBga olib ketilgan.