Oldin xabar berganimizdek, Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev rahbarligidagi idoralararo ishchi guruh tomonidan Navoiy viloyatida Davlatimiz Rahbari topshiriqlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirlarda ishchi guruh tomonidan viloyat aholisining energetika va oziq-ovqat ta’minoti, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va bartaraf etish, huquqni muhofaza qilish hamda kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish kabi dolzarb masalalarga e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, tadbirlar chog‘ida viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy ob’ektlari holati hamda aholi xonadonlari issiqlik tizimi va tarqatilayotgan ko‘mir yoqilg‘isi ham o‘rganilmoqda.
Jumladan, bugun Milliy gvardiya qo‘mondoni boshchiligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi “Ko‘mir ta’minot” MChJ Navoiy viloyat filialiga qarashli Karmana ko‘mir ombori, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning “Navoiy Issiklik elektr stansiyasi” filiali, “Issiqlik manbai” DUK Navoiy filialining suv tozalash inshooti hamda "Hududgaz Navoiy" gaz tarqatish filiali faoliyati bilan to‘liq tanishdi.
Shu bilan birga, ishchi guruh tomonidan tuman va mahallalarda aholining murojaatlari bilan ishlash holati yuzasidan “beshlik” bilan uchrashilib, fikr-mulohazalari tinglandi.
Shundan so‘ng, ishchi guruh tomonidan mavjud muammoli masalalarni tezkor bartaraf etish choralari yuzasidan viloyat hokimi Normat To‘lqinovich va Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Djurayev hamraisligida videoselektor tarzida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda ishchi guruh tarkibida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va uning huzuridagi Departament hamda Soliq qo‘mitasining rahbar va mas’ul xodimlari, shuningdek, viloyat sektor rahbarlari, Milliy gvardiya sohaviy xizmatlari va boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda viloyat aholisi muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etishda belgilab olingan 7 ta asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha 4 ta ishchi guruh rahbarlari oldida turgan vazifalar hamda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, tashkil etilgan tezkor shtabda ishchi guruhlar tomonidan o‘rganish davomida aniqlangan tizimli muammolarni tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.