KEKSALARNI EʼZOZLASH — AZALIY QADRIYAT
Nuroniy keksalarimiz vatanimizning chinakam faxri va boyligi desak adashmagan bo‘lamiz. Bunday deyishimizning sababi shundaki, bugungi dorulomon kunlarimizga yetishishimizda ularning jasoratli kurashlari va mashaqqatli mehnatlari yotganini har birimiz yodda tutishimiz va qadriga yetishimiz zarur. Xususan, Milliy gvardiya qo‘mondonligi masʼul ofitserlari, taʼlim muassasalari o‘quvchilari bilan Toshkent shahri Mirobod tumanida yashovchi 1924-yilda tug‘ilgan urush faxriysi, nuroniy Taziyev Azamat ota xonadoniga tashrif buyurib, xolidan xabar oldilar. Otaxon yoshlarga mashʼum urush bo‘ronlari haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi o‘quvchilari orkestr jamoasining musiqiy chiqishlari va Temurbeklar maktabi o‘quvchilarining tinchlikni madh etuvchi sherlari urush qahramoniga yana-da ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Qizg‘in suhbat so‘ngida Azamat ota bugungi tinch osuda yurtimizga ko‘z tegmasligini so‘rab duo qildi.